Gistologiya va umumiy genetika hamda biologiya kafedralari 1920 yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining tibbiyot fakulьteti qoshida tashkil etildi. Bu davrda 2 kishidan iborat kafedrani Moskvalik gistolog olim Ye.M.Shlyaxtin boshqardi (1920-1938 yy.). Kafedra xodimlarining asosiy e’tibori o‘quv jarayonini tashkil qilish, kafedrani kengaytirishga qaratildi. Kafedrada o‘quv adabiyotlari, o‘rgatish uchun gistologik preparatlar yo‘q edi, o‘quv mikroskoplari soni atigi 15 tani tashkil qilardi. Kafedra xodimlarining harakatlari bilan zarur gistologik preparatlar, namoyish materiallari tayyorlandi. Professor Ye.M.Shlyaxtin gistologiya kursi bo‘yicha ma’ruzalar yozdi va ulardan talabalar qo‘llanmalar sifatida foydalandilar.
Keyinchalik kafedraga rahbarlik qilgan prof. Z.K.Raxmatullin (1941–1944 yy.) va prof. S.M.Milenkov (1944-1952yy.) kafedraning ilmiy izlanish ishlarida neyrogistologik yo‘nalishning rivojlanishiga katta e’tibor berdilar. Kafedra xodimlari xayvon organizmidagi turli a’zo va to‘qimalarda retseptor apparat morfologiyasini o‘rganish bilan shug‘ullandilar, yangi gistologik usullarni egalladilar. Kafedra o‘quv preparatlari, mikropreparatlar, chizmalar bilan boyidi.
50-yillar oxirida kafedrada yanada nozikroq zamonaviy sitologik va gistologik tekshiruv usullarini egallash boshlandi. K.A.Zufarovning 1962 yilda yoqlagan dissertatsiyasi bu boradagi ilk ishlardan biri bo‘ldi.
1962-2002 yillarda gistologiya kafedrasiga prof.K.A.Zufarov rahbarlik qildi. Bu davrda gistologiya kafedrasi institutning eng ilg‘or nazariy kafedralaridan biriga aylandi. O‘quv preparatlari va jadvallar kollektsiyasi butunlay yangilandi, aksariyat o‘quv xonalari mikroproyektorlar bilan ta’minlandi. Elektron mikroskop va yangi tizimdagi ulьtramikrotomlar bilan jihozlangan muammoli biofizik laboratoriya tashkil qilindi.

Zufarov K.A. O‘zSSR FA akademigi, t.f.d., professsor (1925-2002)
O‘quv jarayonida asosiy e’tibor kafedrada olib borilgan ilmiy tadqiqotlar bilan chambarchas bog‘liq xolda sitologiya, gistoximiya va elektron mikroskopiya sohasidagi ohirgi yutuqlarga qaratildi. O‘quv jarayoni integratsiyasini ta’minlash maqsadida biologiya va anatomiya kafedralari bilan hamkorlikda muntazam ravishda fannning turli bo‘limlari bo‘yicha kompleks integratsion ma’ruzalar o‘qildi. Beriladigan materiallarni qaytalanishini oldini olish maqsadida mazkur kafedralarda ma’ruza va amaliy mashg‘ulot dasturlari muvofiqlashtirildi.
Elektronmikroskopik (1966y.) va muammoli biofizik (1970y.) laboratoriyalar tashkil etilgandan so‘ng gistologiya kafedrasi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, mamlakatimizning turli shaharlari, shuningdek xorijiy davlatlardan kelgan ilmiy xodimlarning tajriba oshiruvchi Metodik markazga aylandi.
70-yillarda gistologlar maktabi shakllanib, unga O‘zbekiston gistologlar maktabi tashkilotchisi, Beruniy mukofoti sovrindori, dunyodagi eng nufuzli Purkinьe medali sohibi, MDH davlatlari anatomlar, gistologlar, embriologlar Assotsiatsiyasi raisi muovini, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston morfologlarining Koordinatsion xay’ati raisi, O‘zSSR FAning haqiqiy a’zosi, O‘zSSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi prof. K.A.Zufarov rahbarlik qildi.

Prof. Zufarov K.A., Parpiyev A.P., To‘xtayev Q.R., Gontmaxer V.M., Rasulev Q.I., Yuldashev A.Yu.
Sobiq sovet davrida u tomonidan birinchi marta «Gistologiya» darsligi o‘zbek tilida chop etildi va hozirgi davrda ushbu darslikning uchinchi nashri chiqdi. Kitobdagi nodir sxemalar va gistorasmlar Moskva va Toshkenta nashr etilgan darslik va atlaslarga kiritilgan. 26 mart 1987 yil Davlat reyestrida «Ingichka ichakdan qonga so‘rilgan ekzogen oqsillarni buyrakda parchalanishi» kashfiyoti qayd etildi.

Akademik K.A.Zufarov boshchiligida yaratilgan mazkur ilmiy ixtiro ona suti oqsillarini go‘daklar ichagida pinotsitoz yordamida so‘rilishi va buyrakda parchalanishiga bag‘ishlangan bo‘lib, u yangi ilmiy izlanish ishlarini olib borishga keng ilmiy va amaliy imkoniyatlar ochib berdi. Mazkur maktab keyinchalik «Zufarov maktabi» nomini olib, butun dunyoga tanilgan ilmiy maktabga aylandi. Gistologiya kafedrasi ToshDavTIning kafedralari va klinikalari, shuningdek Toshkent, Moskva, Leningrad, Rostov, Odessa, Tbilisi va boshqa bir qancha mamlakatlarning ilmiy tekshirish institutlari va kafedralari bilan hamkorlikda ilmiy tekshirish ishlarini olib bordi.

Morfologlarning Butunittifoq s’ezdiga tayyorgarlik
Biologiya va umumiy genetika kafedrasining birinchi kafedra mudiri A,A.Brodskiy (1920-1930y.y.) edi. Keyin kafedrani professor N.P.Sokolov (1931-1936yy.), A.M.Zavadskiy (1935-1948 yy.), professor M.S.Sofiyev (1948 – 1963yy.), dotsent A.P.Щeulov (1964-1966yy), O‘zRFA akademigi D.X.Xamidov (1966-1975yy) boshqardi.
D.X.Xamidov bir vaqtning o‘zida Biokimyo ITIning «TSitoximiya va Elektron mikroskopiya» bo‘limiga rahbarlik qildi. Sitobioximiya, endokrin bezlarining embriogenezi, qon sistemasining filoontogenezi va sitokinetikasi, ularning gormonal boshqariluvi va radiatsiyaning ta’siri, gemopoezning fasliy o‘ziga xosligi yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borildi va birinchi marta transgen hayvonlar olindi. Shu mavzuda kafedra xodimlari tomonidan qator nomzodlik va doktorlik ishlari (B.S.Gilьdiyeva,1970; A.T.Akilov,1984; K.N.Nishanbayev,1971,1981; M.A.Nishanbayeva, 1971; P.R.Alimxodjayeva,1971 va boshqalar) himoya qilindi. Prof. J.X.Xamidov rahbarligida 1970 yilda «Rukovodstvo po obщey biologii» darsligi yaratildi.

J.X.Xamidov, O‘zSSR FA akademigi, t.f.d., prof.

Tibbiy biologiya va genetika kafedrasi xodimlari (1966-1975 yillar)

T.f.d., prof. Tashxodjayev P.I.
1975–1991yillar davomida kafedrani professor P.I.Tashxodjayev, boshqardi.
1990 yili ToshDavTI Birinchi va Ikkinchi ToshDavTI ga bo‘lindi. Birinchi ToshDavTI gistologiya kafedrasiga 1990 – 1998 yillarda akademik Zufarov K.A., 1998 – 2005 yillarda professor Yuldashev A.Yu. rahbarlik qildi.

T.f.d., professor Yuldashev A.Yu.

Birinchi ToshDavTI elektron mikroskopik laboratoriyasida: prof. Yulldashev A.Yu., prof. Rasulev Q.I., dots. Knyazeva L.S.
Tibbiy biologiya kafedrasini Birinchi Toshkent Davlat tibbiyot institutida 1991-1995 yillar davomida Gildiyeva B.S., 1995-2005 yillarda professor limxodjayeva P.R. boshqardi.

T.f.d., professor Alimxodjayeva P.R.
Ikkinchi ToshDavTIda 1991-2005 yillar davomida tibbiy biologiya kafedrasiga professor Tashxodjayev P.I., gistologiya kafedrasiga professor To‘xtayev K.R. raxbarlik qildilar.

T.f.d., professor To‘xtayev K.R.
2005 yilda Birinchi va Ikkinchi ToshDavTIlar negizida Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil etilib, avval alohida faoliyat ko‘rsatgan gistologiya va tibbiy biologiya kafedralari birlashtirildi va akademiyada ikkita tibbiy pedagogika va stomatologiya fakulьtetlari gistologiya va tibbiy biologiya (kafedra mudiri professor A.Yu.Yuldashev) hamda davolash va tibbiy profilaktika fakulьtetlari gistologiya va tibbiy biologiya (kafedra mudiri professor Tuxtayev Q.R.) kafedralari shakllandi.

TTA MITL elektron mikroskopik laboratoriyasida: prof. To‘xtayev Q.R., prof. Rasulev Q.I., dots. Tulemetov S.X

2012 yilda har ikkala gistologiya va tibbiy biologiya kafedralari birlashtirildi.
2014 yilda Toshkent Davlat stomatologiya institutining tashkil etilishi munosabati bilan kafedra ikkiga bo‘lindi: TTA gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasi hamda stomatologiya instituti gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasi. Hozirgi kunda TTA gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasiga t.f.d. Azizova F.X., biologiya kursiga P.X.Xalikov rahbarlik qilmoqda.

T.f.d. Azizova F.X. prof. Xalikov P.X.
2014 yil 22 iyulь kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-2215-sonli qaroriga imzo chekdi. Prezident qarori stomatologiya sohasidagi yuqori malakali tibbiyot kadrlarini xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlashni yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarini joriy etish, bo‘lg‘usi stomatolog mutaxassislarning nazariy tayyorgarligini ular o‘rganayotgan amaliy ko‘nikmalar bilan chambarchas bog‘lagan holda olib borilishini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
TDSI Bolalar stomatologiyasi fakulьtetiga qarashli Gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasida 1 ta professor, 3 ta dotsent, va 4 ta assistent pedogogik, ilmiy izlanish hamda tarbiyaviy faoliyatlarini olib bordilar. Kafedra mudiri t.f.n.,dotsent Raxmatova M.X.

T.f.d.,professor Raxmatova M.X.
