Biz haqimizda

Stomatologiya sohasida xalqaro talablar va standartlar darajasida yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlashni yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ilg‘or axborot-kommunikasiya va ta’lim texnologiyalarini joriy etish, bo‘lg‘usi stomatolog mutaxassislarning nazariy tayyorgarligini ular o‘rganayotgan amaliy ko‘nikmalar bilan chambarchas bog‘lagan holda olib borilishini ta’minlash maqsadida O‘zR Prezidenti I.A. Karimovning “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to‘g‘risida” Qarori e’lon qilinib, unda “Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakul’teti negizida Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish, shuningdek respublika hududlarida Toshkent davlat stomatologiya institutining filiallarini Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlari stomatologiya fakul’tetlari, Toshkent pediatriya institutinin Nukus shahridagi filialining stomatologiya fakul’teti negizida tashkil etish; Toshkent davlat stomatologiya instituti huzurida Stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi ilmiy-amaliy markazini tashkil etish” vazifalari belgilangan (Toshkent sh., 2014 yil 22 iyul’, PQ-2215-son).

2014-2015 o‘quv yilida Toshkent davlat stomatologiya instituti tashkil etilishi munosabati bilan institut qoshida 3 ta stomatologiya fakul’teti ish yurita boshladi. Bular: jarroxlik yo‘nalishidagi stomatologiya fakul’teti, davolash yo‘nalishidagi stomatologiya fakul’teti va bolalar yo‘nalishidagi stomatologiya fakul’teti. Har bir fakul’tet tarkibiga 7 tadan kafedralar biriktirildi. Jami 21 ta kafedradan 11 tasi ixtisoslashgan stomatologiya kafedralari tashkil qilindi. Bular: gospital’ terapevtik stomatologiya (kaf. mudiri, prof. X.P. Kamilov), propedevtik (fakul’tativ) terapevtik stomatologiya (kaf. mudiri, prof. O.E. Bekjanova), yuz-jag‘ jarroxligi (kaf. mudiri, prof. A.A. Jilonov), travmatologiya va implantologiya (kaf. mudiri, dos. Sh.Sh. Kudratov), jarroxlik stomatologiya (kaf. mudiri, prof. Sh.Yu. Abdullaev), gospital’ ortopedik stomatologiya (kaf. mudiri, prof. N.L. Xabilov), fakul’tativ ortopedik stomatologiya (kaf. mudiri, dos. A.N. Akbarov), ortodontiya va tishlarni protezlash (kaf. mudiri, prof. R.N. Nigmatov), bolalar yuz-jag‘ jarroxligi (kaf. mudiri, prof. R.A. Amanullaev), bolalar profilaktik stomatologiyasi (kaf. mudiri, dos. Sh.B. Daminova va bolalar terapevtik stomatologiyasi (kaf. mudiri, dos. S.S. Murtazaev). 

Stomatologiya fakul’teti jamoasi eng ustuvor masala sifatida tashkiliy, o‘quv, ilmiy, o‘quv uslubiy va davolash ishlarini jadallashtirishni oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Ular o‘zlari erishayotgan yutuqlarini tezlik bilan sog‘liqni saqlash amaliyotiga kiritishni, sifatli stomatolog-shifokorlarni tayyorlashni, talabalarning jamotchilikdagi rolini oshirishni va oliy o‘quv maktabining oldiga qo‘ygan vazifalarni bajarishni eng asosiy masala deb bilgan.